Ozod Sharafiddinov
Annotatsiya
Izoh yo'q
Matn
Vikipediyada ismi Ozod va familiyasi Sharafiddinov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
Ozod Sharafiddinov (1929-yil 1-mart – 2005-yil 4-oktyabr) – adabiyotshunos, adabiy tanqidchi. U 1929-yil 1-martda Qoʻqon yaqinidagi Oxunqaynar qishlogʻida tugʻildi. Toshkentdagi 14-oʻrta maktabni, Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani tugatdi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955). Ozod Sharafiddinov poeziya muammolari bilan shugʻullandi, oʻzbek sheʼriyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. Oʻsha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari „Zamon. Qalb. Poeziya“ (1962) asarida oʻz aksini topgan. XX asrning 60-80-yillarida u Choʻlpon hayoti va ijodini targʻib qilishga intildi. Ozod Sharafiddinov oʻzbek adabiyotining Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: „Isteʼdod jilolari“ (1976), „Adabiy etyudlar“ (1968), „Abdulla Qahhor“ (1988), „Birinchi moʻjiza“ (1979). Olim ijodida oʻzga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan „Yalovbardorlar“ (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim oʻrin egallaydi. Ozod Sharafiddinov XX asrning 60-yillaridan XXI asrgacha boʻlgan oʻzbek adabiy jarayonidagi holatlarni „Talant – xalq mulki“ (1979), „Adabiyot – hayot darsligi“ (1981), „Goʻzallik izlab“ (1985), „Haqiqatga sadoqat“ (1988), „Sardaftar sahifalari“ (1999), „Prezident“ (2003) singari asarlarida aks ettirdi.